2020 год glavnaya

2019 yilda o‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi davlatlarga ko‘chib ketishgan?

Yurtimiz aholisi ma’lum sabablar bilan xorij mamlakatlariga ketishadi. Kimdir ta’lim olish, yana kimdir ishlash, kimlardir yashash, yana kimdir sayohat qilish maqsadida xorijga otlanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlar 2019 yilda 13246 kishini tashkil qilgan. Ushbu ro‘yxatda yer maydoni jihatdan dunyoda 9 o‘rinda turuvchi Qozog‘iston Respublikasi birinchi o‘rinni, Rossiya Federatsiyasi esa ikkinchi o‘rinni egallagan.

Anglaganingizdek, 2019 yilda doimiy yashash maqsadida xorijga ketgan o‘zbekistonliklarning aksariyati Qozog‘iston Respublikasiga ko‘chib ketgan. So‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra, bir yilda O‘zbekistondan Qozog‘istonga 7615 kishi ko‘chib ketgan. 2018 yilgi statistik ma’lumotlarga asosan, ushbu yilda doimiy yashash maqsadida xorijga ko‘chib ketganlarning aksariyati Rossiya davlatiga ko‘chib ketishgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yilda yangilanib hamyurtlarimizning ko‘pchiligi bu safar Qozog‘iston davlatiga yo‘l olishgan.

Bir necha kun avval poytaxtimiz Toshkent yashash uchun dunyoning eng arzon shahri deb e’lon qilingan bo‘lsa, bu xabarga hech qancha bo‘lmay CeoWorld Magazine nashri tomonidan O‘zbekiston yashash uchun eng arzon davlat deya e’lon qilindi. “Nega yashash uchun arzon bo‘lgan davlatdan fuqarolar ketib qolishmoqda?”. Hamyurtlarimizga shu savol bilan yuzlangandik, respondentlarning ko‘pchiligi bunga asosiy sabab – ishsizlik ekanligiga urg‘u berishdi. Ko‘pchilikning fikricha, Qozog‘istonga, umuman boshqa xorij mamlakatlariga ko‘chib ketayotgan o‘zbekistonliklarning aksariyati ishlash maqsadida ketishmoqda. Ishlash maqsadida ketganlarda keyinchalik yashash maqsadi paydo bo‘ladi. Bizningcha, shuning uchun ham ko‘chib kelganlardan ko‘chib ketganlar soni ancha yuqori.

Birgina 2019 yilning o‘zida O‘zbekistonga ko‘chib kelganlar 2527 kishini tashkil qilgan bo‘lsa, bunda ham peshqadamlikni Qozog‘iston Respublikasi egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda esa Rossiya.

O‘tgan yil Qozog‘istondan O‘zbekistonga 839, Rossiyadan 588 kishi ko‘chib kelgan. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelganlardan KO‘ChIB KETGANLAR soni ko‘pchilikni tashkil qiladi. 2018 yilda bu ko‘rsatkich biroz boshqacha bo‘lgan. Ya’ni ushbu yilda Tojikistondan O‘zbekistonga ko‘chib kelganlar 28,1 foiz ko‘rsatkich bilan ifodalangan. 2019 yilda Tojikistondan O‘zbekistonga ko‘chib kelganlar 21,4 foizni (541 ta) tashkil qilgan bo‘lsa, ko‘rsatkichlar bo‘yicha Qirg‘izistondan ko‘chib kelganlar soni 307 ta bo‘lgan. Doimiy yashash maqsadida boshqa davlatlardan kelgan fuqarolar 252 tani tashkil qilgan.