O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tomonidan o‘zbek tili va adabiyotining asoschisi Alisher Navoiy asarlari bo‘yicha britaniyalik ekspert, professor Nikolas Uolmsli bilan videokonferensiya formatida uchrashuv o‘tkazildi.
Britaniyalik mutaxassisga O‘zbekistonning madaniy-tarixiy boyliklari, jumladan, o‘zbek mumtoz adabiyoti merosini asrab-avaylash hamda ularni ommalashtirish borasida mamlakatimizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan sayʼ-harakatlar haqida maʼlumot berildi.
Nikolas Uolmsli O‘zbekiston shoir va yozuvchilarining adabiy asarlarini ommalashtirish o‘zbek xalqi madaniyati, tarixiy qadriyatlari va anʼanalarini teranroq anglashning muhim omili ekanini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan u Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani 2019 yil Buyuk Britaniyada ingliz tilida nashr etilganini yuqori baholadi.
Uning fikricha, Alisher Navoiy asarlari ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlar, jumladan, Buyuk Britaniya va AQSH ekspert doiralari tomonidan yetarlicha o‘rganilmagan. Biroq shu bilan birga o‘zbek mumtoz adibi adabiy merosi Yevropada yaxshi tanish. Xususan, fransuz, nemis va italyan tillarida Navoiy ijod gulshani haqida qator ilmiy maqolalar chop etilgan.
Angliyalik mutaxassisning taʼkidlashicha, u Navoiy asarlari haqidagi ingliz tilida ilmiy ishlar yozayotgan kam sonli mualliflardan biridir. N.Uolmsli, xususan, “Alisher Navoiyning “Nasoyim al-mahabba” asarida “Yassaviya” tariqati elementlari” (2014y.), “Alisher Navoiy: taqlid, innovatsiya va 1500-1900 yillarda Markaziy Osiyo adabiy madaniyatini shakllanishi (2016y.), “Alisher Navoiy va turkiy/forsiy sheʼriyatning boy olami” (2020y.) va boshqa ilmiy maqolalar kstida ish olib borgan.
Ayni paytda ekspert Qo‘qon va Xiva xonliklari davrida Alisher Navoiy hamda o‘zbek mumtoz sheʼriyati vakillari Nodira va Muhammad Rahimxon Feruz asarlarini qiyosiy tahlil va tadqiq etish ustida ish olib bormoqda. Tadqiqotchining fikricha, ushbu ilmiy izlanishlarning natijalari ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda Alisher Navoiyning ko‘p asrlik falsafasini tushunishda “adabiy qo‘llanma” vazifasini o‘taydi.
Britaniyalik eskpert yaqinda Alisher Navoiyning 30 dan ortiq g‘azalini ingliz tiliga tarjimasini yakunlaganini maʼlum qildi. Shu nuqtai nazardan elchixona 2021 yil fevral oyida Navoiyning 580 yilligi arafasida shoirning ingliz va o‘zbek tilidagi sheʼriy to‘plamini nashr etish taklifini o‘rtaga tashladi.
Nikolas Uolmsli, shuningdek, elchixona tomonidan Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tadbir doirasida o‘z ilmiy tadqiqotlari haqida so‘zlab berishga tayyorligini maʼlum qildi.
Bundan tashqari, Nikolas Uolmslining O‘zbekistondagi ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun maʼruzalar tashkil etish masalasini o‘rganib chiqish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.