Yurtimizda koʻplab hunarmandchilik maktablari, turli yoʻnalishlar mavjud. Ayni vaqtda 34 yoʻnalishda oʻziga xos maktab yaratilgan boʻlib ular bir qator viloyat va tumanlar bilan bogʻliq. Jumladan, kulolchilik maktablari Rishton, Gʻijduvon, Urgut, Toshkent, Samarqand, Gʻurumsaroy. Kandakorlik yoʻnalishida Buxoro, Samarqand, Qoʻqon, Fargʻona, Margʻilon maktablari dunyoga mashhur. Kashtadoʻzlikda Nurota, Boysun hududida oʻziga xoslik bor.
Qoʻqonda oʻtayotgan birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali ishtirokchilari — xorijlik mehmonlar ham ana shunday rang-baranglik aks etgan xalq amaliy sanʼatimiz mahsulotlariga lol boʻlmoqda.
Sara Lopez Aynara, Ispaniya:
— Oʻzbekistonga, Qoʻqonga birinchi kelishim. Odamlarni endi koʻrib turgan boʻlsam-da, oʻzimni begona his qilganim yoʻq. Shahar chiroyli, tabiati, binolari oʻziga xos. Aylanib yurganimda menga tekstil mahsulotlari va yogʻoch oʻymakor ustalarining ijodiy ishlari juda ham yoqdi. Oʻzim ham zargarlik bilan shugʻullanaman. Yapon billuri, kumush va har xil toshlardan qoʻl mehnati asosida turli taqinchoqlar yasayman. Sizlardagi zargarlarning ishlarini koʻrib, hayratda qoldim. Ulardan baʼzilarini xarid qilmoqchiman. Kolleksiyamda saqlash uchun.
Aleksandr Kirichak, Belorus:
— Festivalda boshqa davlatlar qatorida yurtimiz hunarmandlariga ham alohida pavilyon ajratilgan. Olti nafar vakil bilan hunarmandchilik buyumlarimizni olib keldik. Men keramika asosida mahsulotlar tayyorlayman. Oʻttiz yildan buyon turli davlatlarning koʻrgazmalarida ishtirok etgan boʻlsam-da, hozirgidek, chiroyli va rang-barang eksponatlar mavjud koʻrgazmani koʻrmaganman. Birinchi marta keldim va Oʻzbekistonni, uning mehribon va ochiq chehrali insonlarini yoqtirib qoldim. 2021-yilda boʻladigan festivalda ham ishtirok etaman. Ana shunda sut texnologiyasi asosida tayyorlangan, koʻpgina choynaklar olib kelaman. Buning uchun keramikani ming darajada qizdirib, maʼlum muddat sutga ivitib qoʻyamiz va yana 400 daraja qizdiramiz. Shunda toʻq jigar rangga kirgan choynaklarda choy ham qaynatish, ham damlash mumkin.
Abd Muhammin Bin Hasbilloh, Malayziya:
– Bizda koʻproq pushti va koʻk ranglar ishlatiladi. Oʻzbek hunarmandlarining koʻp ranglar va usullardan foydalanishi havasimni keltirdi. Oʻzim ham oʻymakorlik bilan shugʻullanganim bois yogʻoch oʻymakorligi oʻta sinchkovlik, mahorat talab etadigan sanʼat ekani yaxshi bilaman. Bilishimcha, 1950-yillarda arxeologik qazish ishlari asnosida Qoʻqon shahrining Qorabuloq maskanidan oʻymakor yogʻoch ustunning chala kuygan boʻlaklari topilgan ekan. Arxeologlar mazkur sanʼat asari qoldiqlarini milodiy eraning III-IV asrlariga xos ekanligini aniqlagani haqida aytib berishdi. Xalqingizda odob-axloq, kattalarga hurmat, ustoz-shogird anʼanalari, mehr-oqibat kabi asriy madaniyat saqlab qolinganidan xursand boʻldim. Ochiq chehrali, xushmuomala, mehmondoʻst bu insonlarga taʼzim qilaman.
Sayyora SHOYEVA, Muqimjon QODIROV, OʻzA