2020 yil glavnaya Yangi O'zbekiston

Dunyoda joriy yilda qariyb 400 nafar jurnalist Covid-19 qurboni boʻldi

Joriy yil boshidan buyon dunyoning 47 mamlakatidan kamida 366 jurnalist koronavirusdan vafot etgan. Bu haqda Press Emblem Campaign (PEC) xalqaro jurnalistlar tashkiloti bosh kotibi Blez Lempen Inson huquqlari boʻyicha kengashning Jenevada boʻlib oʻtgan 45-sessiyasida maʼlum qildi, deb yozadi Anadolu agentligi.

Qayd etilishicha, soʻnggi paytlarda pandemiya tufayli ommaviy axborot vositalari xodimlari orasida, ayniqsa, Hindistonda qurbonlar soni keskin koʻpayib boryapti.

Lempen Kengashga aʼzo 47 davlatni jurnalistlar sogʻligʻini muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishga chaqirgan.

PEC maʼlumotlariga koʻra, 1 iyuldan sentyabrgacha koronavirusdan halok boʻlgan jurnalistlar soni yil boshidagiga nisbatan ikki barobar oshgan.

Masalan, tojdor virus Lotin Amerikasi mamlakatlarida 205 nafar, Osiyoda 90 nafar, Yevropada 28 nafar, Afrikada 22 nafar, Shimoliy Amerikada 21 nafar jurnalistni hayotdan olib ketgan.

Bu borada antirekord Peru(82 nafar)ga tegishli boʻlsa, undan keyingi oʻrinlarda Ekvador(40), Hindiston(36), Bangladesh(31), Meksika(26), AQSH(20), Braziliya(19) va Pokiston(10) kabi davlatlar boryapti.

PEC yil boshidan buyon yana 54 nafar jurnalist turli sabablarga koʻra oʻldirilganini maʼlum qilgan. Shunday qilib dunyo OAVning yoʻqotishlari joriy yilda 400 tadan oshib ketdi.

Xalqaro jurnalistlar tashkiloti ommaviy axborot vositalari xodimlari qarindoshlari va yaqinlariga taʼziya bildirgan.