2020 yil glavnaya Популярные новости Yangi O'zbekiston

Janubiy Koreyada o‘zbekistonliklarning birinchi uyushmasi rasmiy ravishda ochildi

Koreya Respublikasining Kvangju shahrida “Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi vakillari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi xodimlari, 100 dan ortiq vatandosh, Koreya Respublikasi davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Marosim qatnashchilariga O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen tabrik yo‘lladi.

Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi a’zolari Yang Hyang Ja, Li Yang Hun, Li Yang Bin, Kvangju shahar meriyasi bo‘lim boshlig‘i Li Bo Gin, Kvangju shahar Inson resurslari rivojlantirish markazi boshlig‘i Chong Ing Hi, O‘zbekiston bandlik va mehnat vazirining faxriy maslahatchisi, Xonam kasb-hunar kolleji direktori Kim Yon-se va “Kimson” advokatlik kompaniyasi markaz direktori Park Son Hu so‘zga chiqib, yangi tuzilgan uyushmaning faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi, uni qo‘llab-quvvatlab, hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Marosim ishtarokchilari ushbu yo‘nalishdagi faol hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi alohida strategik sherikchilik aloqalari hamda davlatlarimiz rahbarlarining yaqin va do‘stona munosabatlarining samarasi ekaniga alohida urg‘u berdi.

Mazkur uyushmaning faoliyat ko‘rsatish joyi sifatida Kvangju shahri tanlangani bejiz emas. Bu yerda ko‘p sonli vatandoshlarimiz vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi, ta’lim oladi, istiqomat qiladi.

Anjumanda so‘zga chiqqan vatandoshlarimiz yangi ta’sis etilgan tashkilot Janubiy Koreya poytaxtidan yiroqda bo‘lib turgan yurtdoshlarimizga zarur amaliy yordam ko‘rsatishi, ularni yanada jipslashtirishiga ishonch bildirdi. O‘zbekiston rahbariyati tomonidan xorijda bo‘lib turgan fuqarolarimiz uchun bunday qulaylik va imkoniyatlar yaratib berilayotgani uchun chuqur minnatdorchilik izhor etildi.