TOSHKЕNT, 25 yanvar. /«Dunyo» AA/. «Dunyo» AA muxbiri «Koryo» an’anaviy raqs ansambli badiiy rahbari, O‘zbekiston Koreys madaniyat markazlari uyushmasi a’zosi Margarita Xan bilan suhbatlashdi.
– Ansamblimiz 1998 yildan buyon faoliyat yuritib keladi, — dedi M.Xan. — Uning repertuari, asosan, an’anaviy koreys raqslaridan tuzilganiga qaramasdan, musiqali teatr tomoshalarini ham sahnalashtiramiz. Biz o‘z oldimizga juda chiroyli va ta’sirchan an’anaviy koreys madaniyatini saqlab qolish va ommalashtirishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Bu borada Koreys madaniyat markazlari uyushmasi va Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi katta yordam bermoqda. Buning uchun ularga alohida minnatdorlik bildiraman.
O‘zbek va koreys madaniyatlari ko‘plab umumiy xususiyatlarga egaligini ta’kidlashni istardim. Shu sababdan bo‘lsa kerak, ansambl tarkibida o‘zbek millatiga mansub vakillar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Jamoamizda, shuningdek, ruslar va tatarlar ham shug‘ullanadi. Biz koreys raqs san’ati bilan qiziqadigan barcha-barcha bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.
Raqs jamoamizga Koreys madaniyat markazlari uyushmasi tomonidan «Millat merosi» unvoni berilganidan faxrlanamiz.
Jamoamizda, asosan 12 va undan katta yoshdagi qizlar shug‘ullanadi. Biroq, tabiiyki, raqs san’ati bilan shug‘ullanishdan zavq oladigan barcha yoshdagilar uchun ham eshiklarimiz doimo ochiq.
Biz 5 ta katta konsert va 2 ta musiqali spektakl sahnalashtirganmiz. 2019 yil yetti pari haqidagi qadimiy afsonaga asoslangan «Sevgi afsonasi» nomli milliy uslubda ishlangan musiqali sahna ko‘rinishini tayyorlab, tomoshabinlarga taqdim etdik.
Biz, xususan, dehqonlar va saroy hayoti hamda buddaviylikka oid turli an’anaviy raqslarni qadimiy va zamonaviy koreys qo‘shiqlari bilan uyg‘unlashtirgan holda namoyish etishga muvaffaq bo‘ldik. Ayni paytda,
12 fevral kuni oy taqvimiga ko‘ra yangi yil kutib olinadi. Ansamblimiz a’zolari shu kuni «Kelajakka qaytish» nomli spektaklni namoyish etishga tayyorgarlik ko‘rayapmiz. Syujet markazida o‘tmishga tushib qolgan yosh qahramonlar turadi. Bu bizga zamonaviy va ko‘hna madaniyatimizni uyg‘unlashtirish, boy an’analarimiz va chuqur ildizlarimiz haqida tomoshabin tushunadigan tilda hikoya qilishga imkon beradi.
Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi koreys madaniyat markazlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatganmiz. Xususan, 2020 yil Qirg‘izistonda namoyish qilgan spektaklimiz iliq qarshi olindi. O‘tgan yil Koreya Respublikasida o‘tadigan festivalga ham taklif olgan edik, ammo, afsuski, pandemiya boshlanib, ijodiy safarimiz amalga oshmay qoldi.
Seul katta teatrida o‘tkazgan amaliyotim davomida an’anaviy raqs texnikasi va falsafasi bilan yaqindan tanishdim. Bu men uchun juda qiziqarli va foydali tajriba bo‘ldi. Shuningdek, Koreya san’at markazida ham tahsil oldim. Koreys san’ati xalqaro festivalida salpuri raqsini ijro etib, ikkinchi o‘rinni egalladim.
Inson hayotida samimiy muhabbat va kata qiziqish bilan bajaradigan ish u uchun oson bo‘ladi. Shu sababli bo‘lsa kerak, barcha dinlarda inson hayotining birinchi sharti muhabbat ekani ta’kidlanadi. Zero bu hissiyot va tushunchasiz yashash, ishlash, biron bir narsa yaratish qiyin bo‘ladi. Har bir inson, jumladan, men uchun ham o‘z ishi, xalqi, Vataniga bo‘lgan muhabbat juda muhimdir, deb hisoblayman.
O‘zbekistonda koreys diasporasi qo‘llab-quvvatlanayotganidan juda mamnunmiz. Madaniyatimizni erkin rivojlantirishimiz, urf-odatlarimizni e’zozlashimiz, ona tilimizni o‘rganishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Bu bag‘rikeng jamiyatda yashayotganimizdan darak berib, mamlakatimiz rahbariyati olib borayotgan uzoqni ko‘zlangan siyosatni ifoda etadi. O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi sharafiga davlat mukofotiga sazovor bo‘lganim ham men uchun quvonarli voqea bo‘ldi. Bu esa Vatanim uchun muhim va zarur ish qilayotganimni, O‘zbekiston taqdiriga yanada dahldor ekanimni his etishga imkon berdi.