2020 год glavnaya Популярные новости

O‘ZBEK TILI NAFAQAT CHIROYLI TIL, BALKI U MARKAZIY OSIYO XALQLARI TILLARINI O‘RGANISH UCHUN DARVOZADIR – JAN DYURIN

PARIJ, 17 oktabr. /”Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili” haqidagi qonuni qabul qilinganining 30 yilligi arafasida “Dunyo” AAning Parijdagi muxbiri fransiyalik o‘zbek tili va adabiyoti ixlosmandlari bilan o‘zbek tilining jozibadorligi, imkoniyatlari va xalqaro nufuzi haqida suhbatlashdi.

“Sharq musiqashunosi sifatida men o‘zbek tilini o‘rgandim, — deydi Fransiya milliy tadqiqotlar instituti professori, musiqashunos Jan Dyurin. — 30 yil avval Fransiyada o‘zbek tili kurslari, o‘zbek tili grammatikasiga bag‘ishlangan kitoblar yo‘q edi. Shuning uchun men avval turkchani o‘rgandim. Keyin esa Toshkent va Dushanbeda istiqomat qilganimda tildan saboq oldim. Fransuz milliy tadqiqot instituti meni 2 yilga O‘zbekistonga yubordi. Men o‘sha paytda o‘zbek-fransuz lug‘ati orqali tilingizni o‘rganishni boshladim. Bugungi kunda esa Fransiya institutlarida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda.

O‘zbek tili nafaqat chiroyli til, balki u Markaziy Osiyo xalqlari tillarini o‘rganish uchun darvozadir. Kim o‘zbek tilini bilsa, u bemalol qozoqcha, qirg‘izcha, uyg‘urcha gapirishni o‘rgana oladi. Mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, turkiy tillar mantiqan tizimlashtirilgan dunyodagi eng chiroyli tillardir.

Fursatdan foydalanib, o‘zbek xalqini Davlat tili kuni bilan tabriklayman va muvafaqqiyatlar tilayman”.

“Men Sorbonna universitetining Sharq tillari va madaniyatlari milliy instituti — INALCOda o‘zbek tilini o‘rganmoqdaman, — deydi Dorian Pastor. — Men tilshunosman va faoliyatim uchun o‘zbekchani o‘rganish juda muhimdir. Ushbu tilni o‘rganish men uchun zavqlidir. O‘zbek tili orqali men boshqa turkiy tilli mamlakatlar tillarini ham tushunishga harakat qilaman. Men mamlakatingizga borib, xalqingizni tarixini o‘rganish uchun ham o‘zbek tilini o‘zlashtirmoqdaman. Do‘stlarimni ham o‘zbek tilini o‘rganishga chaqirib qolaman” .

“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga amalga oshirgan tashrifidan so‘ng ikki tomonlama aloqalar, shu jumladan, ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik jadallashdi, — deydi Sharq tillari va madaniyatlari milliy instituti o‘zbek tili o‘qituvchisi Muyassar Haydarova. — Jumladan, INALCO va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Fransiyada O‘zbekiston madaniyati, tarixi va tiliga qiziqish ortib bormoqda. Buni o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar safi kengayayotganida ham kuzatish mumkin. O‘zbek tili kursining soatlari ham ko‘paytirilmoqda. Kelajakda INALCOda o‘zbek tili kafedrasini tashkil qilish rejalashtirilmoqda”.