O‘zbekistonga 2019-yilda 6 748 500 nafar sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2018-yilda 5 346 200 nafarni tashkil qilgan. Bu haqda 10-yanvar kuni “Taraqqiyot strategiyasi markazi”da Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan o‘ktazilgan brifingda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonga eng ko‘p turistlar MDH mamlakatlari — Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Rossiya, shuningdek, Turkiya, Afg‘oniston, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston kabi davlatlardan kelgan. Sayyohlarning 51,3 foizi 31—35 yoshdagi kishilar bo‘lgan.
“Yurtimizga tashrif buyurganlarning 81,8 foizi qarindosh-urug‘ va do‘stlarini ziyorat qilishga, 15,5 foizi esa dam olish uchun kelganlardan iborat. Boshqa sabablar, jumladan, davolanish, xaridlar, biznes uchrashuvlarda ishtirok etish hamda ta’lim olish maqsadida kelgan xorijliklar soni 2,7 foizni tashkil etdi. Eng ko‘p sayyoh Buxoro, Toshkent shahri, Samarqand va Xorazm viloyatlariga tashrif buyurgan.
Mamlakatimiz turizm salohiyatini dunyo jamoatchiligi orasida keng targ‘ib etish maqsadida AQSh, Yaponiya, Germaniya, Italiya, Xitoy, Indoneziya, Rossiya va boshqa davlatlardan jami 30 ta OAVning 160 nafardan ziyod vakilining tashrifi tashkillashtirildi. An’anaviy targ‘ibot usullari bilan bir qatorda zamonaviy targ‘ibot usullaridan ham foydalanyapmiz. Xususan, 17—21-dekabr kunlari Tokio shahridagi Sibuya maydoni va Nagoya temiryo‘l vokzalida O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qiluvchi videorolik namoyish etildi”, — dedi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Oqqulov.
Qo‘mita rahbarining aytishicha, 2019-yildan boshlab har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda turli ommaviy tadbirlar tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Ziyorat turizmi forumi (Buxoro viloyati), Baxshichilik san’ati festivali, Arxeologiya forumi (Surxondaryo viloyati), Bahodirlar o‘yini (Xorazm viloyati), “Mo‘ynoq” avtoralli, “Stixiya” musiqa festivali (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), MDH turizm yarmarkasi, (Samarqand viloyati), Geoturizm forumi, Anor festivali (Qashqadaryo viloyati), Elektron musiqa festivali, Gastronomik festival, “World Influencers Congress” (Toshkent shahri) kabi yirik tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, 2019-yilda turistik xizmatlar eksporti ko‘rsatkichi 1,3 milliard dollarni tashkil qilib, bu 2018-yilga nisbatan (1 milliard dollar) 26,1 foizga o‘sgan.