Hukumat qarori bilan (592-son, 28.09.2020-y.) Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs tomonidan davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Nizomga muvofiq, Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilishda talabgorlarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi (Markaz) hamda uning hududiy boʻlinmalari tomonidan toʻlov asosida amalga oshiriladi.
Davlat tili boʻyicha imtihon talabgorning doimiy yashash yoki vaqtincha turar joyi boʻyicha Markaz yoki uning hududiy boʻlinmalarida oʻtkaziladi.
Buning uchun talabgor sinov imtihonida qatnashish uchun ariza bilan Markaz yoki uning hududiy boʻlinmalariga shaxsan oʻzi yoxud elektron shaklda murojaat etadi.
Shunga koʻra, sinov imtihoni hujjatlar taqdim etilganidan soʻng 1 oy muddatda test, yozma yoki ogʻzaki shakllarda oʻtkaziladi.
Sinov imtihoni yakunlari boʻyicha eng yuqori ballning 50 foizi (50 ball)dan kam ball olgan talabgorlar sinov imtihonidan oʻtmagan hisoblanadi hamda sinov imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab kamida 1 oydan keyin qayta qatnashish uchun ariza bilan murojaat qiladi (qayta toʻlovni amalga oshirgan holda).
Sinov imtihonlari natijalari 3 kun muddatda eʼlon qilinadi.
Sinov imtihonini topshirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida (44 600 soʻm) toʻlov toʻlanadi.
Sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga davlat tilini bilish toʻgʻrisidagi malaka sertifikati beriladi va u muddatsiz amal qiladi.