Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shinga “Diplomatik xizmatlari uchun ordeni” topshirishning rasmiy marosimi 10-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ushbu ordenni berish to‘g‘risidagi farmonni Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In imzolagan, deya xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.
Qayd etilishicha, 2018-yilda Puchon universitetining Toshkent shahridagi filiali o‘z faoliyatini boshlaydi. Maktabgacha ta’lim fakultetida hozirgi kunda 892 nafar talaba Puchon universiteti o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq tahsil olmoqda.
Hyundai Engineering and Construction ko‘magi bilan 2019-yilda Nukus shahridagi “Imkon” reabilitatsiya markazi bilan ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasini qurish bo‘yicha noyob loyiha amalga oshirildi.
Shu bilan birga, Koreyaning New Millennium Construction Co., Ltd. kompaniyasi Toshkent shahridagi 324-sonli eksperimental maktabgacha ta’lim muassasasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlar olib borildi, shu asosda ta’limning koreys modeli namoyish etildi.
O‘zbekistondagi Booyoung Group va AHA kompaniyalari maktabgacha ta’lim tashkilotlarini jihozlash uchun moddiy-texnik vositalarni bepul topshirdi. Booyoung guruhidan 2000 ta raqamli pianino butun mamlakat bolalar bog‘chalariga yetkazib berildi.
“Birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni kengaytirish va mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Janubiy Koreya prezidentining eng yuqori mukofoti bilan taqdirlanish men uchun katta sharafdir. Ushbu orden mening kelajakdagi ishimda yana bir rag‘bat bo‘ladi.
Men har ikki mamlakat ravnaqi uchun O‘zbekiston–Koreya munosabatlarining kengayishiga yana-da ko‘maklashishga tayyorman”, – dedi vazir o‘z nutqini yakunlab.
Ma’lumot uchun, “Davlatlararo diplomatik xizmatlari uchun” ordeni 1963-yil 25-iyulda mamlakat fuqarolarini va chet elliklarni diplomatik sohadagi xizmatlari uchun, shuningdek, chet elda milliy obro‘sini oshirganligi, xalqaro hamkorlik va do‘stlikka yordam berganligi uchun mukofotlash maqsadida ta’sis etilgan.
Avvalroq O‘zbekistondagi bog‘chalarda xitoy tilini o‘rganish joriy qilinishi haqida xabar berilgandi.