O‘zbekiston musulmonlari idorasi Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan qilingan karikatura suratlari va ular bilan bog‘liq bayonotlar sababli yuzaga kelgan bahslarga munosabat bildirdi.
“Ayni shu kunlarda ayrim bosma nashrlarda, turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalarida Payg‘ambar alayhissalomga nisbatan nomunosib, haqoratomuz karikatura chop etilishi va uning ortidan kelib chiqqan turli ko‘ngilsiz holatlar ayrim bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar hamda noto‘g‘ri xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mo‘min-musulmonlarning hissiyotini qo‘zg‘ash, fitna chiqarish va diniy qadriyatlar, muqaddasotlarga nisbatan haqoratni ifodalovchi har qanday holatni jiddiy qoralashini hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sha’ni mo‘min-musulmonlar uchun eng oliy qadriyat ekanini qat’iy ta’kidlaydi”, — deyiladi idora munosabatida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu kabi munosabatlarni xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro totuvlikni buzishga qaratilgan fitna hamda odamlarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, millatlararo va dinlararo adovat uyg‘otish, deb baholaydi.
Ta’kidlash kerakki, kim bo‘lishidan qat’iy nazar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni har qancha kamsitishga urinmasin yoki musulmonlar yo islom diniga tosh otmasin bu bilan dinimizga yoki musulmonlarga zarracha ham ziyon yetkaza olmaydi.
Shuningdek, idora tomonidan ta’kidlanishicha, ushbu holatga nisbatan o‘zbekistonliklarning turli munosabat bildirmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi bunday holatda hissiyotga berilmasdan, haqoratlardan tiyilishga va muammoning yaxshi yechimini izlashga chaqirgan.
“Aslida, bu kabi fitnalar musulmonlarni yomon otliq qilish yoki bir yurtda turli din vakillarining emin-erkinlikda, o‘z dinlariga bemalol amal qilib, tinch va osoyishtalikda, o‘zaro bag‘rikenglikda yashayotganini ko‘ra olmayotgan g‘arazli kuchlar tomonidan uyushtirilayotganini yoddan chiqarmaslik zarur”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi islom dinini terror bilan yonma-yon qo‘yadigan ayrim kishilarga Misr bosh imomi, al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Muhammad Toyyib hazratlarining quyidagi so‘zlarini keltirgan: “Islomni terrorizm deb atash ushbu sof din haqida hech narsa bilmaslikni anglatadi. Yana bu ish o‘zgalar e’tiqodiga hurmatsizlikni ifodalovchi mulohazasizlikdir. Adovat va zo‘ravonlikka ochiq chaqiruv, o‘rta asrlar vahshiyligiga qaytish va ikki milliardga yaqin musulmonlarning tuyg‘ularini qo‘zg‘atuvchi fitnadir”.
Idora munosabatida ushbu holatlar haqida keng fikr qilib, chuqur mushohada yuritishga, hissiyot bilan emas, tafakkur bilan ish tutishga chaqirilgan. “Din dushmanlari fitnasiga zamin yaratib, vaziyat yanada keskin tus olishiga sababchi bo‘lib qolmaylik. Bu bo‘layotgan ishlar hammasi fitna, g‘animlar tomonidan rejali amalga oshirilmoqda, bunday vaziyatda o‘ylab ish tutish kerak. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ardoqlash tajovuzkorona xatti-harakatlar bilan emas, balki aql ila bo‘ladi”, — deyiladi munosabatda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining xulosa qilishicha, musulmon kishi hadislarda keltirilganidek, doimo hushyor, ziyrak bo‘lishi, atrofda sodir bo‘layotgan har xil fitna va qaltis jarayonlarga teran nazar bilan boqishi lozim. Bunday harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki Payg‘ambar alayhissalomga xos bosiqlik va zukkolik bilan munosabat bildirish kerak.
Eslatib o‘tamiz, Fransiyada tarix fani o‘qituvchisi o‘quvchilarga Cherlie Hebdo nashri tomonidan chop etilgan Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning karikatura suratini ko‘rsatgan. Shundan so‘ng o‘qituvchi chechenistonlik muhojir tomonidan o‘ldirilgan. Bu voqea Fransiyada keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi. O‘ldirilgan o‘qituvchi bilan vidolashish marosimida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakat so‘z erkinligidan, jumladan karikatura borasidagi erkinlikdan voz kechmasligini ma’lum qilgan. Fransiya prezidentining mazkur bayonoti ortidan Yaqin Sharqdagi ba’zi mamlakatlarda Fransiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni boykot qilish boshlandi.