Mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyani qabul qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi tegishli hujjatlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tayyorlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda inson huquqlarini ta’minlash samaradorligini yanada oshirishda tegishli Milliy strategiya zarurligini qayd etgan edi.
Darhaqiqat, jamiyatda fuqarolarning huquq va erkinliklarini hurmat qilish madaniyatini rivojlantirish ishlarini davom ettirish zarur. Bu mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda muhim omillardan hisoblanadi.
So‘nggi yillarda yurtimizda inson huquqlari sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, milliy qonunchiligimiz xalqaro standartlarga implementatsiya qilinmoqda, O‘zbekiston jahon hamjamiyati a’zosi sifatida inson huquqlari sohasidagi o‘zining xalqaro majburiyatlarini bajarmoqda.
So‘nggi 3 yilda fuqarolarning shaxsiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarini amalga oshirishda qonunchilik asosini yaratishga yo‘naltirilgan 5000 dan ziyod me’yoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan, 4 yangi kodeks, 186 qonun, Prezidentimiz tomonidan 1200 hujjat qabul qilindi.
Biroq shu kungacha inson huquqlari sohasida uzoq muddatli strategiya qabul qilinmagan edi. Bunday hujjatning qabul qilinishi va amalga oshirilishi mamlakatimizda insonlarning huquq va erkinliklariga nisbatan hurmatli munosabatni shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish jarayonini jadallashtiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya loyihasida O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash orqali xalqimizning turmush darajasi va farovonligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar majmui ko‘zda tutilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha davlat siyosatini monitoring qilish va baholashning milliy tizimini yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlarni mustahkamlash shular jumlasidan.
Strategiyada qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlariga amal qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Davlatimiz va jamiyatimizning alohida himoyasiga muhtoj bo‘lgan insonlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash darajasini oshirish ko‘zda tutilgan. So‘z va din, axborot olish erkinligini, gender tengligini ta’minlash masalalariga katta e’tibor qaratilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, oilalarni huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish, uy zo‘ravonligiga qarshi kurash orqali oila institutini himoya qilish yangi darajaga ko‘tariladi.
Yoshlarning inson huquqlari bo‘yicha bilimlarini oshirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli dastur ko‘zda tutilgan. Bu borada oliy o‘quv dargohlari va kadrlarni qayta tayyorlash o‘quv markazlarida maxsus “Inson huquqlari” kursini joriy etish, maktablar, litsey va kollejlarda ushbu mavzudagi darslarni yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Strategiyada insonning iqtisodiy huquqlari ham qamrab olingan. Shaxsiy mulkni rivojlantirish, biznes yuritish uchun teng sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish asosida ularga to‘la amal qilinadi.
Har yili o‘tkaziladigan “Inson huquqlari himoyasi uchun” milliy mukofotini ta’sis etish ham taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, 2020 yilda Samarqandda inson huquqlari bo‘yicha forum o‘tkazish ham rejalashtirilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.