2020 год glavnaya

Oʻzbekistonda masjidlar ochiladi, yopilmaydi!

Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan hozirgi asrda bir insonning qarashlari jamiyatning boshqa aʼzolariga va hattoki, butun jamiyatga katta taʼsir etmoqda. Avvalo shuni qayd etish lozimki, Oʻzbekiston fuqarosi (u kim boʻlishidan qatʼi nazar) Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdir.

Diniy taʼlimot oʻta nozik va xassos boʻlgani tufayli yurtimiz hududida diniy qadriyatlar, muqaddas tuygʻular hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan yomon munosabatda boʻlishga hech kimning haqqi yoʻq.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi masjidlar yopilar ekan, ayrim imomlar ishdan boʻshar ekan, degan mazmundagi xabarlar keng tarqaldi. Biz ushbu xabarlarda nima deyilgani, qanday fikrlar bayon etilgani toʻgʻrisida toʻxtalmoqchi emasmiz.

Balki muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida oxirgi uch yilda masjidlarni obod etish, fuqarolarimizning talab va istaklarini inobatga olgan holda yangi jomelarni ochish borasida qilingan ishlarni muxtasar aytib oʻtmoqchimiz, xolos.

Soʻnggi yillarda respublikamizda 24 ta yangi masjid ochildi. Ular qatorida namozxonlarga tuhfa etilgan Qoraqalpogʻistondagi “Imom Eshon Muhammad”, Toshkent shahridagi “Suzuk ota”, “Imom at-Termiziy”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, Surxondaryo viloyatidagi “Hakim Termiziy”, Xorazm viloyatidagi “Oxun bobo” va Fargʻona viloyatidagi “Chiligijiyda” kabi masjidlarni alohida koʻrsatish mumkin.

Shuningdek, oʻlkamizda 106 ta masjid toʻliq yangidan qurildi, 231 ta masjid kapital taʼmirdan chiqarildi. Bunday ulugʻvor ishlar diyorimizda shiddat bilan davom etmoqda.

Yana bir jihat, aslida masjidlarni yopish masalasi qandaydir mansabdor shaxsning vakolatiga kirmaydi, balki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 409-son qarori asosida ijro qilinadi.

Shuningdek, masjid imom-xatibini ishga tayinlash va lavozimidan ozod etish masalasi ham Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi.

Demak, huquqiy tamoyillarni inkor etish, Oʻzbekiston aholisining haq-huquqlari, diniy qadriyatlari va ehtiyojlariga hurmatsizlik koʻrsatishga hech kimning haqqi yoʻq.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Islom shiorlari, imom-domlalar va masjidlarga nisbatan bildirilgan har qanday nomaqbul fikrlarga nisbatan doimo murosasizdir.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati