Ona tilimiz – millatmiz ruhi. U bizning borliq va boyligimiz. U koʻnglimiz mulki, davlatimiz ulugʻ timsolidir. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan. Oʻzbek tili mustaqil davlatimizning bayrogʻi, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.
Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida taʼkidlanganidek, xalqimizning koʻp asrlik madaniy, ilmiy-maʼrifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli boʻlgan oʻzbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.
Joriy yilning 23-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ona tilimizda qilgan nutqi oʻzbekistonliklar qatori sayyoramizda yashayotgan barcha oʻzbeklar hamda jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotganidan quvonchimizni aslo yashira olmaymiz.
Negaki, shu kunga qadar bu kabi muhim tadbirlarda xalqaro til sifatida eʼtirof etilgan sanoqli tillarda soʻzlash urfga kirgandi. Davlatimiz rahbarining oʻzbek tilidagi nutqi ayni shu tartibga yangilik olib kirdi.
Eng muhimi, Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida asosiy maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratish ekanligi, bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etganligi, ushbu hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozimligini qayd etganligi jahon davlatlari va siyosatchilari uchun yangi gʻoyaning yuzaga kelishiga sabab boʻldi.
Davlatimiz rahbarining Bosh Assambleya sessiyasi ishtirokchilariga aytib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi boʻlmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirigʻiga javoban shu yilning oʻzida 50 ming yurtdoshimizga Oʻzbekiston fuqaroligi berilganligi, mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilanganligi, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yana-da mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifa ekanligi, sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilayotganligi, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga koʻtarilganligi, bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilganligi kabi ijobiy oʻzgarishlar har bir Oʻzbekiston fuqarosi manfaatiga xizmat qilishi shubhasiz, albatta.
Ayniqsa, jahon hamjamiyati oldiga Prezidentimiz tomonidan quyidagi:
– Markaziy Osiyo mintaqasining global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlash uchun BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish;
– BMTning Markaziy Osiyoda xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi global antiterror strategiyasi doirasidagi Mintaqaviy qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazish;
– 2021-yilda Oʻzbekistonda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida“ degan mavzuda xalqaro forum oʻtkazish;
– Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish;
– BMT huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish;
– Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, shuningdek, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash;
– Qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish tashabbuslari taklif etilgani Oʻzbekiston aholisi hamda dunyo xalqlarining manfaatini himoya qilishda nihoyatda ahamiyatlidir.
Prezidentimizning yuqorida bildirgan takliflari aynan ona tilimizda bayon etilgani ham bejiz emas. Chunki soʻnggi yillarda ona tilimiz tom maʼnoda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.
Oʻzbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga qiziqish kuchaymoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkilotchiligida nafaqat respublikamizda, balki jahon miqyosida oʻzbek tilining rivojlanishi boʻyicha jadal va samarali saʼy-harakatlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining ona tilimiz – oʻzbek tilidagi nutqi nafaqat oʻzbekistonliklarni, balki bugungi kunda dunyoda yashayotgan 50 milliondan ziyod oʻzbeklarni ham ruhlantirgani bor gap.
Bundan qariyb 31 yil muqaddam oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu oʻz davrida tom maʼnoda olamshumul voqea boʻlgan. Buyuk allomalar, xususan, Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Fargʻoniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tilining nufuzi, ahamiyati va qadri nafaqat Vatanimizda, balki xalqaro miqyosda kun sayin oshib bormoqda.
Xulosa shuki, davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi minbaridagi oʻzbek tilidagi nutqi 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni tadbirlari oldidan aziz xalqimizga munosib sovgʻa boʻldi.