Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi texnoparkga tashrif buyurib, u yerdagi yangi inshootlarni ko‘zdan kechirdi. 2021 yilda bu yerda yana turli xil mahsulotlar ishlab chiqaradigan to‘qqizta korxona ishga tushirilishi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 noyabrdagi Toshkent bo‘ylab safari davomida Yashnobod tumanidagi texnoparkga tashrif buyurdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Prezidentning 2019 yil 1 maydagi «Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida ushbu innovatsiya texnoparki tashkil etilgan edi.
Texnopark 7 ta blokdan iborat. Bu yerda umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent va boshqa shaharlardagi ko‘p qavatli uylarda eng katta muammo liftlar bilan bog‘liqligini aytib, mahalliylashtirish darajasini oshirish evaziga tannarxni tushirish, eski liftlarni almashtirib, yangilariga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Zamonaviy liftlarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha kadrlar tayyorlash kerakligi qayd etildi.
«Bunday korxonalar bir emas, bir nechta juda muhim iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni hal qiladi. Odamlarni, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlaydi. Eng asosiysi, bugungi yutug‘imiz — sanoatda yuqori texnologiyalarni amalda ishlata oladigan zamonaviy milliy kadrlarning yangi avlodi yetishib chiqyapti», — dedi prezident.
2021 yilda Texnoparkda sovituvchi vitrinalar, isitish radiatorlari, oshxona texnikalari, furnitura va aksessuarlar, mis quvurlar, izolyatsiya materiallari kabi bozorbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 9 ta korxona ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.