2020 год glavnaya Популярные новости

PROFESSOR XU CHJENXUA: “TIL MILLATNING RUHI, JONIDIR

PEKIN, 18 oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan “Dunyo” axborot agentligi muxbiri Shuhrat Umirov Xitoy Markaziy millatlar universiteti Dunganshunoslik instituti direktori, professor Xu Chjenxua bilan suhbatlashdi.

Xitoylik olim mamlakat oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilining o‘rgatilishiga qaratilayotgan e’tibor, milliy tilni avaylab-asrash, o‘zbek tilining ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalarini izhor qildi.

— O‘zbek tili juda ham boy tildir, — deydi xitoylik olim. — . Uning davlat tili sifatida qonun bilan kafolatlangani, mamlakat Konstitutsiyasida muhrlangani juda katta ahamiyatga ega.

Men O‘zbekistonga ko‘p marotaba borganman. Olimlar va yozuvchilar bilan muloqotda bo‘lganman, tarixiy qo‘lyozmalar bilan tanishganman.

Yurtingizda bebaho qo‘lyozmalar, juda boy va dunyoda o‘xshashi tarixiy-madaniy meros mavjud. Shubhasiz, til bo‘lmasa biz bunday merosdan bahramand bo‘la olmas edik. Til insoniyat uchun nafaqat asosiy muloqot vositasi, balki har bir millatning ruhi, jonidir. Til bo‘lmasa millat ham bo‘lmaydi.

O‘zbek xalqining mumtoz adabiyoti, boy madaniy-ma’naviy merosi haqida juda ko‘p gapirish mumkin. Birgina Alisher Navoiyni olaylik. Bu ulug‘ shoir va mutafakkirning “Farhod va Shirin” yoki “Layli va Majnun” hamda boshqa asarlari, boy falsafiy mazmunga ega bo‘lgan betakror g‘azallari bilan Xitoyda ham ko‘pchilik oshno. Chunki Alisher Navoiyning asarlari bir necha marotaba xitoy tilida nashr etilgan. Bulardan tashqari, o‘zbek tili darsliklari, o‘zbekcha-xitoycha so‘zlashgich va ikki mamlakat xalqlari tarixiga oid qator kitoblar ham mahalliy xalq tilida nashr etilgan.

Turkiylarda “Til bilgan – el biladi”, degan naql bor. Haqiqatan ham til bilishda hikmat ko‘p. Yoshlar qancha ko‘p tilni o‘zlashtirsa – shuncha yaxshi. Biroq inson necha xorijiy tillarda muloqot qilishga qodir bo‘lmasin, eng avvalo, o‘z ona tilini bilmog‘i, uni hurmat qilmog‘i va avaylab asramog‘i lozim, deb bilaman. Vatanparvarlik ham, eng avvalo, ona tilidan, unga muhabbat va ehtiromdan boshlanadi. Millat aynan til vositasida birdamlikka erishganidek, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ham til vositasida ravnaq topadi.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 4 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori o‘zbek tilining davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik va buyuk qadriyat sifatidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qilishiga aminman.