2020 yil glavnaya Популярные новости Yangi O'zbekiston

Qadring baland boʻlsin, ona tilim!

21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami

 
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Taraqqiyot strategiyasi” markazida xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” mavzusida onlayn videokonferensiya boʻlib oʻtdi.
 
Konferensiyaning maqsadi — oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirishga hissa qoʻshish, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga hurmat ruhida tarbiyalash, davlat tilini rivojlantirish borasida xalqaro hamkorlikni jadallashtirishdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Tashqi ishlar vazirligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi masʼullari ishtirok etdi.
photo_2020-10-15_18-48-00.jpg
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Azamat Toshev ona tili millatning ruhi ekanligiga eʼtibor qaratib , “ona tili ham har bir davlatning madhiyasi, bayrogʻi va gerbi kabi mamlakat mustaqilligini belgilovchi mezonlardan biri ekanini taʼkidladi.
Bayram arafasida Prezidentimizning 2020-yil 23-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida milliy boyligimiz, mustaqil davlatchiligimiz timsoli boʻlgan oʻzbek tilida nutq soʻzlashi barcha turkiy tilli xalqlar uchun tarixiy voqea boʻlib, barchamizning qalblarimizni gʻurur va iftixor tuygʻusiga toʻldirdi.
Ona tilimizni rivojlantirish, davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar kelajakda milliy maʼnaviyatimizni yuksaltirish, jamiyatimizda insoniy fazilatlarni kamol toptirish, yoshlarni ona tiliga muhabbat ruhida tarbiyalashda mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
photo_2020-10-15_18-47-53.jpg
Anjumanda shuningdek, ishtirokchilar tomonidan oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻlgani qayd etilib, soʻnggi uch yilda barcha sohalarda boʻlgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim oʻzgarishlar yuz bergani aytib oʻtildi. Taʼkidlandiki, “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor goʻzalligi va jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Konferensiyada xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz, jumladan, AQSHdagi “Oʻzbek-Amerika” jamiyati raisi Olim Sharipov, Qozogʻiston Respublikasi “Doʻstlik” oʻzbeklar etnomadaniy jamoat birlashmalari raisi Ikrom Hoshimjonov, Tojikiston Respublikasi Soʻgʻd viloyati oʻzbeklar maʼnaviyat-maʼrifat markazi raisi Ilhom Yusupov , Turkiyadagi turkistonliklarga madaniy va ijtimoiy yordamlashish jamiyati raisi Akbar Yassa va boshqalar ZOOM onlayn platformasi orqali Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda tilga alohida eʼtibor berilayotgani xususida oʻz fikr va mulohazalarini bildirdi.
Tadbir yakunida onlayn muloqot ishtirokchilari oʻrtasida savol-javoblar tashkil qilindi.
Til – millat tafakkurining bebaho xazinasi, ulkan boyligi sifatida ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etishi yana bir bora qayd etildi.
Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA