2021 yil glavnaya Популярные новости Yangi O'zbekiston

Qonunchilik palatasi saylov kunini ko‘chirishga nima sabab bo‘layotganini ma’lum qildi

Prezident saylovlari oktyabr oyiga ko‘chirilishi mumkin. Bunda 2021 yilgi saylovlar tahminan 24 oktyabrga to‘g‘ri keladi. Qonunchilik palatasi saylov kuni o‘zgarishitirilishiga sabab bo‘lgan omillarni ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, hujjat loyihasi bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan.

Avvalroq, Konstitutsiyaning 117-moddasiga o‘zgartish kiritish orqali saylov kunini dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasidan oktyabr oyiga o‘tkazish bo‘yicha qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilinayotgani haqida xabar bergan edik.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu loyiha bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan hamda 25 yanvar kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan.

«Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida saylov kunini o‘zgartishdan tashqari, xalqaro tashkilotlarning ham bir qancha takliflari o‘z aksini topgan.

Deputatlar quyidagilarni taklif etmoqda:

  • Saylov kunini — dekabr oyidan oktyabr oyiga ko‘chirish. Bunga saylovlardan keyingi siyosiy tadbirlarni o‘tkazish, jumladan, davlat dasturini qabul qilish va boshqa islohotlarning kechikayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
  • Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatish. Bunda ularning vakolatlarini tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklash nazarda tutilmoqda.
  • Xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar saylovchilar ro‘yxatiga kiritish. Shu qatorda u yerda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratish.
  • Parlament va mahalliy vakillik organlariga saylovlar bilan teng ravishda prezidentlik saylovlarini ham davlat tomonidan moliyalashtirish. «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi qonunni Saylov kodeksi bilan muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, qonun loyihasiga YeXHTning DIIHBB bir qator tavsiyalari — saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlash hamda saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanishni taqiqlash kiritilmoqda.

Qolaversa, DIIHBBning yana bir taklifi, saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddatini 10 kundan 5 kungacha qisqartirish ham loyihada aks etgan. Bu bilan saylov natijalarini e’lon qilish muddatlari asossiz cho‘zilishining oldini olish maqsad qilingan.

Shu qatorda siyosiy partiyalar tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e’lon qilish tartibi joriy etilmoqda.

«Bu, deputatlarning fikricha, siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanish shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi», deyiladi palata xabarida.

«Gazeta.uz»ga quyi patala matbuot xizmati ma’lum qilishicha, loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun palata saytida e’lon qilindi. Takliflar esa demokratkom@parliament.gov.uz pochtasi orqali qabul qilinadi.

loading