Qirg‘iziston bosh vaziri Sadir Japarov o‘z tarafdorlari oldida o‘zini prezident vazifasini bajaruvchi deb e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, lavozimiga tushdan keyin kirishgan parlament spikeri prezident Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqqani dan so‘ng mamlakat rahbari vakolatlarini bajarishdan bosh tortgan.
Qirg‘iziston bosh vaziri Sadir Japarov o‘z tarafdorlari oldiga chiqib, o‘zini prezident vazifasini bajaruvchi deb e’lon qildi, deb xabar bermoqda AKIpress.
«Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozdi. Spiker Kanatbek Isayev prezident vazifasini bajarishdan bosh tortdi. Bugun prezidentlik va bosh vazir lavozimi menga o‘tdi», dedi u 15 oktyabr kuni kechqurun.
Bu haqda 24.kg ham parlament spikeri Kanat Isayevning o‘ziga asoslanib xabar berdi.
«Mavjud ijtimoiy-siyosiy vaziyat va davlatdagi qonun chiqaruvchi organ oldida turgan vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha eng muhim vazifalarni hisobga olgan holda, men o‘z kuchlarimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jogorku Keneshda ishlashga jamlashga qaror qildim. Shuningdek, oltinchi chaqiriq parlament vakolat muddati tugashi sababli, men prezident vakolatlarini amalga oshirishni imkonsiz deb bilaman», — deya uning so‘zlarini keltiradi nashr.
Kunduzi prezident Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqishini e’lon qilganidan so‘ng Kanat Isayev avtomat ravishda Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lgan edi.
Qirg‘izistondagi siyosiy inqiroz 5 oktyabrda parlament saylovlarining rasmiy natijalari e’lon qilinishi bilan boshlangan edi. Muxolifat partiyalari natijalardan norozi bo‘ldi, mamlakatda bir necha ming odam ishtirokida mitinglar, tartibsizliklar boshlandi. Natijada saylov natijalari bekor qilindi va hukumat iste’foga chiqdi.
Sadir Japarov tartibsizliklar paytida koloniyada bo‘lgan — u tartibsizliklarni uyushtirganlik va garovga olganlikda ayblanib 10 yillik muddatni o‘tayotgan edi. Namoyishchilar tomonidan qamoqdan ozod qilinganidan bir kun so‘ng, parlament bosh vazir lavozimiga uning nomzodini ma’qulladi. Advokatlar protseduralar buzilganligini ta’kidladilar, shu sababli u 14 oktabr kuni o‘z lavozimida rasman tasdiqlandi.