2020 yil glavnaya Популярные новости

Skott Livay: O‘zbek tilida so‘zlashish tajribasini boyitish uchun Oloy va Chorsu bozorlaridagi savdogarlar bilan ko‘proq gaplashishni yoqtirar edim

O‘zbek tili bayramini nishonlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida Ogayo davlat universiteti tarix hamda Yaqin sharq tillari va madaniyati kafedralari mudiri Skott Livay «Dunyo» AA muxbiriga intervyu berdi.

— Mening O‘rta Osiyo tarixi sohasidagi izlanishlarim Temuriylar davridan to 19-asrning ikkinchi yarmigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.

Ilmiy izlanishlarim natijasi o‘laroq bir nechta kitobim nashr etildi. «O‘rta Osiyoda hind savdogarlari tarixi», «Qo‘qon xonligi» va boshqalar shular jumlasidandir.

O‘zbekistonga ilk marotaba 1995 yil borganman. Shundan keyin serquyosh yurtingizda bir necha marotaba bo‘ldim. Birinchi marta mamlakatga borganimda poytaxtingizdagi «Xalqlar do‘stligi» maydoni atrofida yashaganman. O‘zbek tilini juda qisqa vaqtda o‘rganganim bilan maqtana olaman. Ammo yurtingizga ilk safarim davomida hatto tovuq go‘shti sotib o‘tirgan ayoldan tovuq go‘shti necha so‘m turishini so‘rashga qiynalganimni yaxshi xotiralar bilan eslayman.

O‘zbek tilini ilk bor o‘zim o‘qigan universitetda o‘rgandim. Va keyinchalik Toshkentda malakali o‘zbek o‘qituvchilaridan saboq oldim. O‘zbek tilida so‘zlashish tajribasini boyitish uchun Oloy va Chorsu bozorlaridagi savdogarlar bilan ko‘proq gaplashishni yoqtirar edim.

Menga ularning qishloqdagi hayoti haqida bilish juda qiziq edi. Albatta, shu bahonada ajoyib mevalar, pishloq, dudlangan go‘sht va ba’zan kabob, palov va lag‘mondan ham tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lar edim.

Hozirgi kunda Ogayo davlat universitetida o‘zbek tilidan dars berayapman. Shuningdek o‘zbek tilining targ‘ibоti bilan shug‘ullanayapman. Men bu sharafli vazifamdan baxtiyorman. Va albatta O‘zbekistonga yana safar qilishdan umidvorman.