Mamlakatimizning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi tomonidan Tailand poytaxtidagi “St.Andrews International School” xalqaro maktabida O‘zbekiston kuni tashkil etildi.
Ushbu tadbirni tashkil etishdan maqsad O‘zbekiston madaniyati va san’atini chet elda keng targ‘ib etish va o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda xalqaro maktab o‘quvchilari qog‘ozdan o‘zbek milliy do‘ppisi namunalarini yasadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tarixiy obidalari va davlat bayrog‘i rasmlarini chizdi, o‘zbek tilida salomlashishni o‘rgandi va o‘zbek milliy raqslari ijrosi bo‘yicha saboq oldi.
O‘zbekiston kuni doirasida maktab o‘quvchilari, ularning ota-onalariga mamlakatimizning boy madaniyati va turizm salohiyati haqida hikoya qiluvchi kitob va jurnallar tarqatildi.
Taqdimot davomida ishtirokchilarda mamlakatimiz haqida ijobiy taassurotlar uyg‘ondi. O‘z navbatida, ular O‘zbekistonga sayohat qilish niyatida ekanini ma’lum qildi.