21-oktyabr — Oʻzbekistonda davlat tili kuni, bayram sifatida keng nishonlanadi. Yosh tadqiqotchilar va tilshunos mutaxassislar tomonidan ona tilimizni rivojlantirish maqsadida, ilmiy izlanishlar olib borilmoqda, zero tilga eʼtibor kelajakka eʼtibor demakdir.
“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ-610-son) joriy yilning 13-martida tasdiqlangan va 2020-yil 15-sentyabrdan kuchga kirdi. Mazkur qonun bilan birinchi marta “vatandosh” terminiga izoh berildi. Shuningdek, mazkur qonunning 19-moddasida Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilishning umumiy tartibiga — nomzodlarni davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilishi shartligi qonun bilan mustahkamlab qoʻyildi. Qonun doirasida ona tilimizga bu darajada eʼtibor berilishi bejizga emas. Maʼlumki, dunyoda 240 dan ortiq davlatlarda yashovchi millat- elatlar va tillar mavjud boʻlsada, barcha tillar ham davlat tili maqomiga ega emas. Ona tilimiz – oʻzbek tiliga 1989-yil 21-oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi.
YUNESKO vakillarining maʼlumotlariga koʻra, qachonlardir odamlar soʻzlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan boʻlsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud boʻlib, ularning 90 foizi yoʻqolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda soʻzlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega boʻlsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida soʻzlashuvchi aholining 80 foizi hamon oʻz yozuvlariga ega emas. Minglab tillardan taʼlim tizimida foydalanishning imkoniyati yoʻq.
Til – millatning maʼnaviy boyligi. Til nafaqat muoamala vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixi. Turli xalqlarning tillariga hurmat esa oʻz navbatida oʻzaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarning saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qoʻllab-quvvatlash zarur. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi.
Hozirgi kunda ona tilimiz, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sanʼat sohalarida faol qoʻllanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla ona tilimiz yangramoqda. Jumladan, bojxona tizimida ham barcha ichki idoraviy hujjatlar oʻzbek tilida yuritiladi. Vaholanki, bojxonaga oid asosiy terminlar asosan xorijiy tillarda (ingliz yoki fransuz). Jahon bojxona tashkilotining rasmiy tili ham ingliz va fransuz tillari hisoblanadi. Bojxona sohasining yetakchi mutaxassislari, tilshunos olimlar hamkorligida bojxonaga oid xorijiy terminlar oʻzbek tiliga oʻgirildi. Shuningdek, Davlat bojxona qoʻmitasi raisining ona tilida ish yuritish boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.
Xizmat taqazosi bilan koʻplab xorijiy mamlakatlarda xizmat safarida boʻlamiz, Xalqaro anjumanlarda ishtirok etganmiz. Xorijiy hamkasblarimiz Oʻzbekistonlik delegatsiya aʼzolari bilan oʻzbek tilida salomlashadi. Oʻzbekiston bayrogʻi hilpirab turadi, bu esa, bizga cheksiz faxr va gʻurur bagʻishlaydi. Turli xalqaro tadbirlar va anjumanlarda oʻzbek yigit va qizlarini xorijlik mehmonlar bilan bemalol xorijiy tillarda erkin gaplashayotganligini koʻrib xursand boʻlasiz.
Xulosa oʻrnida aytishimiz mumkinki, Bugungi kunda davlat tili toʻgʻrisidagi qonunning qabul qilinganligining 31 yilligi arafasida, ona tilini yana-da rivojlantirish maqsadida, ilmiy izlanishlar olib borish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa bojxona sohasida oʻzbek tiliga oʻgirilmagan terminlar va xorijiy ilmiy adabiyotlar mavjud. Ushbu ilmiy asarlarni yoshlar oʻrganishi va izlanishlar olib borishi talab etiladi. Fursatdan foydalanib, jonkuyar fidoiy tilshunos mutaxassislar va olimlar hamkorligida ona tilimizni yana-da rivojlantirish borasidagi ulkan ishlariga muvaffaqiyatlar tilayman, shuningdek ona tilimizni yana-da takomillashtirish borasida quyidagi takliflarni kiritaman.
“Oʻzbek ismlari” kitobi bugungi kun davr talablariga mazmunan javob bermasligini inobatga olib, avlod — ajdodlarimiz tajribalarini oʻrganib, keng jamoatchilik vakillari, mahalla oqsoqollari va faollari bilan kelishib, foydalanishi uchun mumkin boʻlgan munosib oʻzbek ismlarining mukammal roʻyxatini yaratish zarur. Mazkur roʻyxat asosida yosh oilalarga ushbu koʻpchilik tomonidan maʼqullangan va qonunchilik bilan tasdiqlangan ismlardan foydalanishni tavsiya etish maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, baʼzi bir nomaqbul, mazmun maʼnosiz ismlarni farzandlarga berish mumkin emasligi qonunchilik yoʻli bilan taqiqlab qoʻyish fursati yetib keldi deb oʻylayman.
Qurbonqul KARIMQULOV,
Bojxona instituti kafedra mudiri, professor