Bugun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent fotosuratlar uyida «Do‘stlik jamiyatlari: kecha va bugun» mavzusida fotoko‘rgazma ochildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov do‘stlik jamiyatlari faoliyatining asosiy vazifalariga to‘xtalib o‘tdi.
— Do‘stlik jamiyatlarining samarali faoliyati mamlakatimizning chet davlatlar bilan aloqalarini yana-da mustahkamlashda, xorij jamoatchilikning O‘zbekiston haqidagi bilim va tasavvurlarini boyitishda, vatandoshlar bilan yaqindan aloqa o‘rnatishda, ularga amaliy ko‘mak berishda, O‘zbekistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega, — dedi u.
Tadbirda, shuningdek, “O‘zbekiston-Gretsiya” do‘sttik jamiyati raisi Muhsin Ashurov, “O‘zbekiston-Isroil” do‘stlik jamiyati raisi Saidahror G‘ulomov mamlakatimizda do‘stlik jamiyatlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida aytib o‘tdi.
Fotoko‘rgazmaga qo‘yilgan 100 ga yaqin fotoasarda bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlik, fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish O‘zbekistonda davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani keng yoritilgan.
Maʼlumot uchun, BMT Bosh assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997 yildan buyon 16 noyabr har yili butun dunyoda «Xalqaro bag‘rikenglik kuni» sifatida nishonlanib kelinadi. Ushbu sana munosabati bilan davlatimiz rahbarining taklifiga binoan 9–16 noyabr kunlari yurtimizda «Bag‘rikenglik haftaligi» o‘tkazilmoqda.