ISTANBUL, 28 oktabr. /“Dunyo” AA/. Bursa shahrining Ulugdag universiteti konferens-zalida O‘zbekistonda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Tilga e’tibor — elga e’tibor” mavzuida adabiy kecha bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi tomonidan Bursa viloyatining Osmongazi tumani hokimligi, Turkiyzabon davlatlar jamiyatining ilmiy markazi va Turkistonliklar jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda Ulugdag, Mimar Sinan nomidagi Istanbul san’at universitetlarining o‘qituvchilari va talabalari, Osmangazi tumani hokimligi vakillari hamda Bursa shahridagi vatandoshlarimiz qatnashdi.
Kechada O‘zbekiston va Turkiyaning davlat madhiyalari yangradi.
O‘zbek tili qadimiy tillardan biri va ulkan ma’naviy qadriyat ekani, milliy o‘ziga xoslik va davlat mustaqilligining ramzi hisoblanishi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida mushoira tashkil etildi, mashhur o‘zbek shoirlarining she’rlari o‘qildi va konsert dasturi namoyish etildi.