O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasi dolzarbligi va strategik ahamiyati bilan siyosatchi ekspertlar, keng jamoatchilik orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Murojaatnomani tinglab, unda bildirilgan fikr, taklif, hayotbaxsh g‘oyalarni nazarimda barcha hamyurtlarimiz yuragidan o‘tkazdi. Bunda 2020 yilda amlaga oshirilgan ishlarning tafsiloti, 2021 yilga mo‘ljallangan rejalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri nafaqat mamlakatimiz, balki jahon hamjamiyati kuzatib bordi. Ushbu Murojaat orqali har bir soha vakili o‘zi uchun tegishli va ustuvor bo‘lgan vazifalarni belgilab olgani, shubhasiz.
Unda ko‘tarilgan masalalar orasida hududimizda yashab kelayotgan ko‘pmillatli xalqimizning azaliy do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan tashabbus shu yo‘nalishda davlatimiz rahbari olib borayotgan oqilona siyosatining namunasi ekanligini yana bir karra isbotlaydi.
O‘tgan yilgi Murojaatnomada 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan “Do‘stlik” haftaligini tashkil etish hamda ushbu haftalik doirasida “Do‘stlik” xalqaro forum-festivalini o‘tkazish taklifi ilgari surilgandi. Shuningdek, “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonini ta’sis etish haqidagi tashabbus ham qo‘llab-quvvatlandi. Bu yil esa ushbu sanani O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni”, deb belgilash taklifi, ilgari surilgan tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Prezidentimiz tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalar qatorida jamiyatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash vazifasiga ham alohida urg‘u berilgani bizning Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitamiz zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Ma’lumki, hozirgi kunda 10 milliondan ortiq vatandoshlarimiz xorijda yashab kelishadi. Bular etnik o‘zbeklar va O‘zbekistondan chiqqan turli millat vakillaridan iborat fuqarolar. Ular tomonidan 170 ga yaqin jamiyat va tashkilotlar tuzilgan. Mamlakatimizning siyosati ular bilan yaqin aloqalarni tiklashga qaratilgan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi vatandoshlarimizga ko‘maklashish, ular bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlash masalalari asosiy yo‘nalishlarimizdan hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining “Vatandoshlar” jamg‘armasini tuzish taklifi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning mavjud muammolarini bartaraf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda mustahkam asos bo‘ladi.
Prezidentimizning nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratish taklifi tadbir ishtirokchilarining olqishiga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili institutining joriy etilishi milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini yanada rivojlantirishga keng imkon yaratadi.
O‘zbekiston milliy siyosatining eng muhim, ustuvor yo‘nalishlaridan biri — bu barcha millat vakillari uchun teng sharoit va imkoniyat yaratish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirishdan iborat.
Bu zaminda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari «O‘zbekiston –umumiy uyimiz!» shiori ostida birlashib, to‘y-tantanalar, turli bayramlarni birgalikda nishonlashadi. Eng asosiysi, barcha qardosh va birodar vatandoshlarning milliy urf-odatlarini asrab-avaylash uchun zarur sharoit yaratilgan. bugungi kunda xalq diplomatiyasi mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, qo‘shni mamlakatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish rejalari ham bizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi va oldimizga qo‘yilgan rejalarimizni talab darajasida bajarishga undaydi.
Murojaatnomada ko‘rsatib o‘tilgan takliflarni bajarishga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz va bu, o‘z navbatida, jonajon yurtimizning gullab-yashnashi, hukm surayotgan millatlararo totuvlik va o‘zaro hamjihatlik muhitini yaratib beradi. Bu esa O‘zbekistonning dunyodagi ijobiy imijini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Rustambek QURBONOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy
mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi.