Bugun, 9-dekabr kuni Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining videokonferentsaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisining millatlararo munosabatlar sohasida mavjud holat yuzasidan axboroti eshitildi.
Yangi O‘zbekistonning yangi tarixini yaratish davrida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish kabi muhim masala Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida muhim vazifa etib belgilandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari taqdim etgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib, Vatanimizning gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga, respublikaning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imijini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Mustaqillik yillarida xalqimizning birligi va jipsligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan milliy madaniy markazlarning 130 nafarga yaqin faollari faxriy unvonlarga sazovor bo‘ldi, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Turli millatlar vakili bo‘lgan 14 nafar tashabbuskor va fidoyi yurtdoshlarimiz O‘zbekiston Qahramoni kabi yuksak unvon bilan mukofotlanganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi PF-5046-sonli Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etilgan.
Bugungi kunda Qo‘mita mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan jami 144 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati hamda xorijdagi vatandoshlarning 38 ta jamiyati bilan hamkorlik qilmoqda.
2017-2020-yillar mobaynida Qo‘mita faoliyatiga doir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3 ta Farmoni, 3 ta Qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori, 4 ta farmoyishi qabul qilingan. Shuningdek, sohaga oid Davlat rahbarining 2 ta “Yo‘l xaritasi”, Hukumatning 8 ta chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlangan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi PF-5430-sonli Farmoniga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida “Do‘stlik uylari” tashkil etilgan.
2017-2020-yillarda Qo‘mita hamkorligida Milliy madaniy markazlar ishtirokida respublika miqyosida 7 912 ta tadbir — 351 ta ilmiy-amaliy konferentsiya va seminar, 1 710 ta davra suhbati, 1 108 ta ko‘rgazma, 2 735 ta musiqiy-badiiy kecha va kontsert, 1 982 ta uchrashuv, 14 ta forum, 12 ta xalqaro konferentsiya o‘tkazilgan.
Millatlararo munosabatlarni huquqiy tartibga solish sohasida xorijiy tajribani o‘rganish va tahlil qilish natijasida qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan Qo‘mita tomonidan 23 ta kontseptual hujjat loyihalari tayyorlangan.
Qo‘mita taklifi asosida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalarida bakalavriatning antropologiya va etnologiya ta’lim yo‘nalishi va tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilib, ularda 67 nafar talaba tahsil olmoqda.
Millatlararo munosabatlar sohasida amaliy va nazariy tadqiqot ishlari hamda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini samarali tashkil etish maqsadida 2020 yilda Qo‘mita manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan 4 ta o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolagan.
Muhokamalar chog‘ida senatorlar sohada amalga oshirilgan ishlar bilan birga respublika va viloyat miqyosida e’tibor qaratish zarur bo‘lgan masalalar ham mavjudligini ta’kidladi.
Xususan, “Xalqlar do‘stligi va umumxalq birdamlik kuni”ni joriy etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini qisqa muddatlarda parlamentga kiritish, “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonini ta’sis etish yuzasidan hukumat qarorini qabul qilish, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining axborot-tahlil faoliyatini kuchaytirish, “Do‘stlik uylari” va madaniy markazlar faoliyati samaradorligini oshirish, Orolbo‘yi hududida istiqomat qiluvchi turli millat va elatlarning totuvligini mustahkamlash, ularning tili va urf-odatlarini asrab-avaylash, milliy madaniy markazlarning jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi Millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va hamjihatlikni ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik kengashlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.
Majlis yakunida Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.