Samarqand shahrida ikkinchi marta o‘tkazilgan anʼanaviy «Samarkand Half Marathon» yarimmarafoni yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur marafonda masofani 1 soat 5 daqiqa-yu 42 soniyada bosib o‘tgan toshkentlik 34 yoshli Andrey Petrov g‘olib bo‘ldi.
Ikkinchi o‘rinni esa g‘olibdan 20 soniya ortda qolgan 24 yoshli surxondaryolik Shohruh Davlatov qo‘lga kiritdi. Aytish kerakki, u 2019 yilgi musobaqa g‘olibi bo‘lgandi.
Uchinchi o‘rinni 2000 yilda tug‘ilgan samarqandlik Toshquvvatov Otabek egalladi.
Ayollar o‘rtasida surxondaryolik Sitora Hamidova start chizig‘ini 1 soat 11 daqiqa-yu 58 soniyada bosib o‘tib, g‘olib bo‘ldi. Jizzaxlik Marina Xmelevskaya ikkinchi, farg‘onalik Yekaterina Tunguskova uchinchi bo‘ldi.
Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi bahslarda g‘olib bo‘lganlar 12 million so‘mdan mukofot puli oladi. 2-5 o‘rin sohiblari esa mos ravishda 8, 6, 5 va 4 million so‘mdan mukofot, shuningdek, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. G‘oliblarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov taqdirladi.