O`zbekiston

Mamlakatimizda muborak Qurbon hayiti keng nishonlanmoqda

Qurbon hayiti kunlari Allohning ko‘plab xayru ehsoni yog‘iladi, o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik va mehr-oqibat rishtalari mustahkamlanadi, hamma barobar xursand bo‘ladi. Shu ma’noda Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi bayrami bilan uyg‘un kelgan Qurbon hayitini barcha yurtdoshlarimiz shukronalik bilan, ko‘tarinki kayfiyatda kutib olmoqda. Bunda buyuk hikmat mujassam. 
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-xotirjamlik, obodlik muhiti, xalqimiz turmushi farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ezgu islohotlar, sa’y-harakatlar asl mohiyati muborak Qurbon hayiti ibodatini ado etish uchun chiqqan minglab yurtdoshlarimiz rozi-rizoligida namoyon bo‘lmoqda.
Mustaqillik sharofati bilan milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz qayta tiklandi, tarixan mazmundor ma’naviy meroslarimiz yana sayqal topdi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning jasorati bilan xalqimizning Ramazon hayiti, Qurbon hayiti kabi marosimlari qutlug‘ bayram sifatida nishonlanmoqda. Saxiy, e’tiqodli va bag‘rikeng xalqimiz bu bayramlar falsafasi, savobidan bahra olmoqda.
Bu yil ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ulug‘ ayyomga mamlakatimiz miqyosida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi. Mustaqillik tantanalari bilan hamohang tarzda keng nishonlanmoqda.
1-sentabr – muborak juma tongi o‘zgacha fayzli. Mamlakatimizdagi jome’ masjidlarida hayit namozi o‘qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularda 15 milliondan ortiq yurtdoshimiz saodatli kun ibodatini ado etdi.
Poytaxtimizdagi Hazrati Imom jome’ masjidi ham erta tongdan yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi.
16.jpg

Hayit namozi ma’ruzasida Qurbon hayiti bayrami tarixi, muqaddas dinimiz buyurgan ibodatlar, yurtimizda islom dini rivoji, ma’naviy qadriyatlarimiz yuksalishi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, bugungi farovon hayotimiz mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi.

Hayit kunlari do‘stlik va birodarlik ruhida xayru saxovat kabi ezgu amallar bajariladi, gina-qudratlar unut bo‘ladi. Kishilar yaqinlarini yo‘qlaydi, bemorlar va muhtojlar holidan xabar oladi, ularga hadyalar ulashadi. Bu o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlaydi.

Qurbon hayiti ma’ruzasida insonlarga mehr ko‘rsatish, ularning o‘y-tashvishlarini o‘rganib, yaxshilik qilish g‘oyat savobli tadbirligi, mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida xalqimiz saodatli turmushi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun olib borilayotgan islohotlar ana shu jihati bilan ham juda qadrli ekani aytib o‘tildi.

– Prezidentimiz rahnamoligida islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni ezgu g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalash, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini o‘rganish, islom ta’limotining turli yo‘nalishlarida chuqur ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganiga barchamiz shohidmiz, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov. – Bu albatta, ma’naviyatimizni yanada yuksaltirish, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlik, o‘zaro ahillik va totuvlikning kuchayishiga xizmat qiladi. Bugungi shukuhli kunlarda oilalarimiz mustahkam, farzandlarimiz baxtli, yoshlarimiz har tomonlama yetuk, odob-axloqli, Vatani, xalqi, dinu diyonatiga sodiq bo‘lib kamol topishlarini so‘rab, duoi xayrlar qilish asosiy burchimiz va vazifamizdir. Shu kunlarda 7 ming 300 dan ziyod yurtdoshimiz haj ibodatini ado etmoqda. Ular orasida Prezidentimiz tashabbusi bilan muborak safarga jo‘natilgan 70 dan ortiq Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va yana shuncha ularga hamrohlik qiluvchining borligi xalqimiz uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Ular ham muborak safarda Yaratgandan Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz ravnaqini so‘rab Makkai mukarramada, Arafot va Mino vodiysida duoi xayrlar qilmoqda.

Yurtimiz ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelgan. Bu barchamizda faxr va o‘z navbatida mas’uliyat hissini uyg‘otadi. Endilikda buyuk ajdodlarimiz merosini davom ettirish, ularga munosib avlodlar bo‘lish eng oliy burchimizdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 15-iyun kuni poytaxtimizda o‘tgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzuidagi anjumanda bu jihatlarga alohida e’tibor qaratib, jamiyatimizda sog‘lom muhitni yanada mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrash borasida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Joriy yil 23-iyun kuni davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Shu kunlarda Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasiga yondosh hududda mazkur markazni barpo etish ishlari boshlab yuborilgan.

Ushbu markazda yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk islom olimlari, alloma va mutafakkirlari, jahon madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan ulug‘ shoir va adiblar, rassom va xattotlarga oid boy ma’lumotlarni mujassam etish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida buyuk ajdodimiz, ulug‘ muhaddis Imom Termiziy maqbarasi ta’mirlanib, yangi masjid bunyod etildi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz shahrida Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi faoliyati tashkil etildi. Shuningdek, Samarqanddagi Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg‘onadagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxorodagi Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryodagi Abu Mu’iyn Nasafiy markazida aqida ilmi maktabi tashkil etilmoqda. Bularning barchasi farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qurbon hayiti ma’ruzasida xalqimizning ulug‘ farzandi, mustaqilligimiz asoschisi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasi yodga olindi. U kishi rahnamoligida xalqimiz turmushi farovonligi, emin-erkinligimiz yo‘lida amalga oshirilgan keng miqyosli islohotlar bardavomligi e’tirof etildi.

Hayit namozida qo‘llar duoga ochildi. Barchaning qalbida bir tilak: Shu aziz Vatanimizga ko‘z tegmasin. Mustaqilligimiz va tinchligimiz, hamjihatligimiz mangu bo‘lsin. Ezgu maqsad bilan davom etayotgan buyuk ishlarimizning barakasini bersin…

Qurbon hayiti amallarini ado etgan yurtdoshlarimiz bir-birlarini ulug‘ bayramlar bilan qutladi.

Manba: www.uza.uz