Samarqand shahrida 28-avgust kuni “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu kunlarda turli xalqlar vakillari va madaniyatlar uchrashgan manzil – Samarqandda qo‘shaloq bayram shukuhi kezmoqda. Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayrami va “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga ko‘rilgan puxta tayyorgarlik shaharga o‘zgacha fayz va chiroy baxsh etgan. So‘lim bog‘ va xiyobonlar, nurafshon ko‘chalar tarovati, turfa gullar ifori har qanday kishiga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi. Jahonning turli mintaqalaridan kelgan turfa odamlar chehrasidagi mamnunlik, o‘zaro samimiy munosabat Samarqandda katta bayram boshlanayotganidan darak beradi.
…Bibixonim masjidida bir guruh xorijlik mehmonlar yuribdi. Rang-ro‘yi, tili, kiyinishi har xil. Lekin yuz-ko‘zlarida bir xil ifoda: xotirjamlik, mamnunlik va samimiyat. Ular “Sharq taronalari”da ishtirok etish uchun Hindiston, Avstraliya, Germaniya va Ekvadordan kelishgan. Avstraliyaning “Zulya and the children of the underground” jamoasi sozandasi Kolin Fillip Jonning aytishicha, u bu yerga hali shahar tong libosini kiymasdan oldin kelibdi. Sababi bilan qiziqdik.
– Mahalliy aholi quyosh nurlari dastlab ushbu madrasa gumbaziga tushadi, Samarqandda tong Bibixonim masjididan boshlanadi, deyishdi. Buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoq uchun keldim. Juda ajoyib manzara. Bunaqasini boshqa joyda uchratmaysiz. Necha asrlar avval buyuk Sohibqiron Amir Temur ham tongni hozir biz turgan joyda, o‘z yoriga atab qurdirgan mana shu mahobatli imorat peshtoqiga termulib kuzatgan bo‘lsa ne ajab! Hayratim cheksiz. Bu afsonaviy shahar haqida ba’zi narsalarni eshitgandim. Lekin bu yerda bilganlarim, ko‘rganlarim bir olam. Eshitgandan ko‘ra ko‘rgan afzal, deganlari rostligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Mamlakatingiz menda katta taascurot qoldirdi. “Sharq taronalari” butun dunyo san’atkorlarining o‘ziga xos bayrami. Unda ishtirok etayotganimdan faxrlanaman.
San’at – odamlarning orzu-havasi, quvonchu shodligi, armon va iztiroblari, ichki kechinmalarini ifoda etadigan vosita. Musavvir, nosiru shoir tasvirlab berolmagan his-tuyg‘ular musiqada bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi. Uni tushunish, ta’sirini his qilish uchun tarjimon shart emas. Musiqa xalqlarni, turli millat va elatlarni bir-biriga tanitadi, qalban yaqinlashtiradi.
Bugun Samarqandga kelgan kishi ana shunday bayramona, do‘stona muhitning guvohi bo‘lmoqda. Bu yerda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 20-yil avval asos solingan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘n birinchi bor o‘tkazilmoqda.
Har ikki yilda tashkil etilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali jahon ahlining o‘zaro madaniy muloqotga bo‘lgan ehtiyojini ro‘yobga chiqarishda beqiyos vosita bo‘lib xizmat qilayotir.
28-avgust, soat 19.10. Samarqand, Registon maydoni.
Sherdor, Tillakori, Mirzo Ulug‘bek madrasalari gulgun shafaq yog‘dusida yanada go‘zal va salobatli ko‘rinadi. Betakror amfiteatr hosil qilgan bu muhtasham obidalar anjumanga o‘zgacha ruh, ulug‘vorlik bag‘ishlagan. Maydon “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimiga yig‘ilgan tomoshabinlar bilan gavjum. Ular orasida anjuman qatnashchilari va mehmonlari, san’at ixlosmandlari, musiqashunos olimlar, chet ellik va mahalliy jurnalistlar, sayyohlar bor.
Festival ishtirokchilari va tomoshabinlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oladi.
Karnay-surnay, nog‘ora sadolari yangraydi.
So‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga beriladi.
Davlatimiz rahbari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarini qutlar ekan, mazkur anjumanning chuqur insonparvarlik ruhi va falsafasi, xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy muloqotni rivojlantirish, mumtoz musiqa an’analarini asrab-avaylashdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi, festival ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan konsert dasturi boshlanadi. Maydon uzra sehrli kuy taraladi. Ohang sekin-asta butun vujudingizga kirib boradi. Bu oroyishning qiyosi yo‘q. Musiqa izmidasiz. Sehrli ohang ta’sirida iliq xotiralar yodga tushadi, ba’zan umringiz bino bo‘lib bormagan maskanlarni tasavvuringizda gavdalantiradi. Bu kuy sehri, ohang zavqi, musiqa qudratidir.
Dunyo xalqlarini birlashtiradigan bunday festival nima uchun aynan Samarqandda o‘tkaziladi? Bu savolga tarixning o‘zi inkor etib bo‘lmaydigan misollar bilan javob bergan.
Manbalarda qayd etilishicha, G‘arb va Sharq o‘rtasidagi savdo-sotiq, madaniy aloqalar aynan Samarqand orqali amalga oshirilgan. Bu shahar ana shu ikki qit’ani bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lining markazi hisoblangan. Shahar savdogarlari Xitoy, Eron, Misr, Hindiston, Vizantiya bilan savdo-sotiq qilgan. Aynan shu yerda Mag‘rib va Mashriq madaniyatlari o‘zaro tutashgan, bir-birini boyitgan. Shu bois G‘arbda – Rim, Sharqda – Samarqand degan ibora paydo bo‘lgan. Bu ikki shahar insoniyat taqdirida buyuk o‘zgarishlar qilgani uchun “Boqiy shahar” nomini olgan.
Buyuk ajdodimiz Amir Temurning Movarounnahrga hukmdor bo‘lishi Samarqand tarixida yangi sahifa ochgan. Amir Temur va temuriylar hukmronligi davrida Samarqand saltanat poytaxti sifatida Sharqning eng go‘zal shahri bo‘lish bilan birga, yirik iqtisodiy, siyosiy, madaniy markazga aylangan.
Shahar qal’asi ichida ikki muhtasham qasr – Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy, hunarmandlik ustaxonalari, savdo rastalari, karvonsaroylar, shifoxonalar va boshqa madaniy-maishiy binolar qurilgan. Bog‘i Behisht, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Shamol, Bog‘i Baland va boshqa bog‘larning dovrug‘i dunyoga taralgan. Bibixonim jome’ masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi, Mirzo Ulug‘bek madrasasi kabi ko‘plab mashhur me’moriy obidalar hamon butun dunyodan sayyohlarni o‘ziga maftun etib kelmoqda.
Zamonasining ulkan ilmiy markazlaridan biri bo‘lgan Samarqandda Mirzo Ulug‘bek, Xoja Ahror Valiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Sharafiddin Ali Yazdiy, Davlatshoh Samarqandiy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy singari buyuk ajdodlarimizning qadam izlari bor. Ne-ne buyuk davlat arboblari, sarkardalar, ijodkorlar bu shahri azimni ziyorat qilgan.
…O‘zbek mumtoz ashulalari tizginsiz xayollarni tartibga soladi, jozibador raqslar ko‘ngillarga zavq-shavq bag‘ishlaydi. Tomoshabinlar diltortar ashulalarga jo‘r bo‘lib, raqs tushadi.
Yurtimizda musiqa san’ati qadimdan rivojlangan. Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Amir Temur davrida o‘tkazilgan musiqiy anjumanlar haqida yozar ekan, shunday qayd etadi: “Yaxshi ovozli xonandalar kuylashni boshlab, g‘azalu naqsh aytur erdilar. Va turku uyg‘ur, mo‘g‘ul va xitoyu arab va ajamdin har kim o‘z rasmi bilan nag‘ma aytur erdi”.
Bugun ham yurtimizda o‘z hofizi yo san’atkori bo‘lmagan qishloq yoki mahallani topish qiyin. Har bir xonadonda dutor, do‘mbira, doira kabi cholg‘u asbobidan birortasining bo‘lishi ham xalqimizning san’atni nechog‘li qadrlashidan dalolat beradi. Xalqimizning kuy-qo‘shiqqa, san’atga bunday mehri, musiqa madaniyati oila muhitida shakllangan va rivojlangan.
Mustaqillik yillarida milliy musiqa san’atini chuqur o‘rganish va yanada rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Shashmaqom, Katta ashula, Askiya insoniyatning eng durdona kashfiyotlari sifatida YuNESKOning Jahon nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritildi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, o‘nlab teatr va madaniyat saroylari, san’at yo‘nalishidagi zamonaviy ta’lim muassasalari barpo etildi. Ko‘plab ko‘rik-tanlov va festivallar yosh iste’dodlarni kashf etish, ularning mahoratini oshirish va yangi marralarga ruhlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali mamlakatimizda madaniyat va san’atga qaratilayotgan alohida e’tiborning jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilgan yuksak namunasidir.
– “Sharq taronalari” festivalini har gal orziqib kutamiz, – deydi samarqandlik mehnat faxriysi To‘lqin Ahmadjonov. – Bu festival dunyo san’at ahli bayrami, xalqimizning mehmondo‘stligi va tinchliksevarligi ramziga aylandi. “Sharq taronalari” san’at vositasida barcha xalqlarni do‘stlikka, hamjihatlikka da’vat etmoqda. Shuning uchun ham festivalni sayyoramizning barcha qit’alarida biladilar, sevadilar, kutadilar.
Festivalning nufuzi ortib, ishtirokchilari geografiyasi tobora kengayib bormoqda. Ko‘plab mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, mashhur san’at namoyandalari unda qatnashishni o‘zlari uchun sharaf, deb biladi. 1997-yilda o‘tkazilgan birinchi festivalda 31 mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi anjumanga 60 ga yaqin davlat san’atkorlari tashrif buyurdi. Festival YuNESKO shafeligida o‘tkazilayotgani ham anjumanning yuksak maqom va nufuzini ko‘rsatadi.
To‘g‘ri, yer yuzida tan olingan va keng e’tirof etilgan o‘nlab xalqaro musiqa festivallari bor. Ammo ular orasida “Sharq taronalari” alohida mavqega ega. Chunki boshqa xalqaro miqyosdagi musiqa festivallari san’atning muayyan turiga ixtisoslashgan. Ya’ni ayrimlarida faqat qo‘shiq kuylansa, boshqasida musiqa ijro etiladi yoki raqs tushiladi. “Sharq taronalari” esa san’atning barcha ko‘rinishlarini o‘zida mujassam etgan. Buni boshqa xalqaro musiqa festivallari qatnashchilari ham keng e’tirof etmoqda. Ushbu festivalda dunyoning barcha qit’alaridan san’atkorlar qatnashayotgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
…Marosim avjida. Mumtoz ashulalar, folklor namunalari, zavqli raqslar dillarni jo‘shtiradi. Sho‘x kuy-qo‘shiqlardan zavqlangan tomoshabinlar san’atkorlarga jo‘r bo‘ladi.
– “Sharq taronalari” xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilayotgani bilan dunyodagi eng nufuzli festivallar sirasiga kiradi, – deydi Ekvadorning “Chotamadre” musiqiy jamoasi a’zosi Edgar Eduardo. – O‘n birinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro musiqa festivali jahonning turli mintaqalaridan kelgan musiqachilar, sozandayu xonandalarni bir yerga jamladi. Barchaga o‘z mahoratini namoyish etish uchun teng imkoniyat yaratdi. O‘zbekistonda bunday festivalning tashkil etilgani tahsinga loyiq. “Sharq taronalari” yirik xalqaro tadbir sifatida an’ana tusiga kirgani ham yurtingizda madaniyat rivojiga alohida e’tibor qaratilayotganidan yaqqol dalolat beradi.
Qadimiy Samarqandga kelgan sayyohlar muazzam shaharning yuragi bo‘lmish Registon majmuasi ko‘rku salobatiga hayrat bilan boqadi. Uning go‘zalligini soatlab tomosha qiladi, sehrli oqshomlarda taraladigan taronalarni sel bo‘lib tinglaydi…
«Sharq taronalari» jahon xalqlari milliy musiqa san’atida erishilgan yutuqlarni asrash va rivojlantirishga xizmat qilmoqda. San’at orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash, insonlarni ezgu g‘oyalar atrofida jipslashtirish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro ijodiy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Xalqaro musiqa festivali qatnashchilari Registon maydonidagi asosiy sahnadan tashqari, Samarqand shahridagi qator madaniy-ma’rifiy muassasalar, Oqdaryo, Samarqand, Pastdarg‘om, Jomboy tumanlarida ham konsert dasturlari namoyish etmoqda. Samarqand shahridagi istirohat bog‘lari va xiyobonlar, teatrlar, mahalla guzarlari, bolalar musiqa va san’at maktablarida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Festival ishtirokchilari va mehmonlar Samarqandning noyob tarixiy obidalarini ziyorat qilish, ona diyorimizda yetishtirilgan turfa noz-ne’matlar bilan to‘la bozorlarimizni ko‘rish, istiqlol yillarida xalqimizning fidokorona mehnati bilan erishilayotgan ulkan yutuq va marralar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.