Yangiliklar

Taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va jamoat arbobi Nasriddin Misriddinovich Muhammadiyev vafot etdi

    O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi jamoasi Respublika baynalmilal madaniyat markazi direktori (2005-2017 yy.), O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O`zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Nasriddin Misriddinovich MUHAMMADIYEVning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va uning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Muhammadiyev Nasriddin Misriddinovich 1946 yili 2 dekabrda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog` tumanida tug`ilgan. 1968 yili Toshkent Davlat Universitetining Filologiya fakultetini tugatgan, mutaxassisligi filolog, o`zbek tili va adabiyoti o`qituvchisi. Tilshunoslik, adabiyotshunoslik va jurnalistikaga qiziqishlari natijasida N.M.Muhammadiyev qo`p boshqa tillarni ham o`rganganlar, jumladan rus, fors, turk tillarini yuksak saviyada, nemis, ingliz tillarini yuqori saviyada bilganlar.
N.M. Muhammadiyev butun umrlari davomida mehnat faoliyatlarini xalqimiz, yurtimiz, tilimiz, madaniyatimiz ravnaqiga, O`zbekistonimizda millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag`rikenglik, tinchlik va farovonlik bo`lishiga bag`ishlaganlar.
N.M. Muhammadiyev 1968 yildan boshlab uzoq yillar davomida matbuot nashrlarida: “Toshkent oqshomi” gazetasi xodimi, muxbiri, bo`lim boshlig`i; “Yoshlik” jurnalining bo`lim muharriri, mas’ul kotibi bo`lib ishladi. Bu yillar davomida uning siyosiy, madaniy va adabiy mavzulardagi yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilindi. 1980-1996 yillarda O`zbekiston televideniyesi va radiosining jamoatchilik asosidagi xalqaro sharhlovchisi sifatida ichki va tashqi siyosatning dolzarb masalalari borasidagi chiqishlari bilan tanildi.
N.M. Muhammadiyev O`zbekiston milliy axborot agentligi bosh muharriri (1993-1994 yy.), O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining 1-kotibi va ayni vaqtda “Jahon” axborot agentligida tarjimalar xizmatining boshlig`i bo`lib ishlagan yillari (1994-1996 yy.) muxbir sifatida O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning bir qator xorijiy mamlakatlarga safarlarini matbuotda yoritgan va ularning 12 jildli asarlari to`plamining lazer diskini tayyorlagan ijodiy guruhning a’zosi bo`lgan.
N.M. Muhammadiyev mamlakatimizning xalqaro diplomatik munosabatlar sohasida faoliyatiga ham o`z hissasini kiritgan: O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining 1-kotibi (1994-1996 yy.) va 1996-1999 yillarda Turkiyada O`zbekiston Respublikasi elchixonasining 1-kotibi lavozimlarida ishlagan.
2000-2005 yillarda N.M. Muhammadiyev O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni yetakchi konsultanti sifatida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini va axborotlashtirishni rivojlantirish masalalarini tahlil qilishga o`z hissasini kiritgan.
N.M. Muhammadiyev 2005 yildan 2017 yilgacha Respublika baynalmilal madaniyat markazining (RBMM) direktori sifatida mamlakatimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, milliy-madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish borasida samarali ish olib bordi. O`zbekiston Respublikasi mustaqilligi kunlari munosabati bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi va barcha viloyatlarda o`tkaziladigan “O`zbekiston — umumiy uyimiz” do`stlik va madaniyat festivallari, uning doirasidagi ilmiy-amaliy seminarlar, ko`rgazmalar, davra suhbatlarida shaxsan ishtirok etardi, ta’sirchan ma’ruzalar bilan chiqar edi. N.M.Muhammadiyev RBMMning direktori sifatiga Yangi yil, Navruz, Xotira va qadrlash kuni, Konstitutsiya kuni bayramlariga, mamlakatimizdagi ko`p millatlarning bayramlariga bag`ishlangan tadbirlarning ham siyosiy, ma’naviy, ma’rifiy, madaniy, badiiy, tashkiliy jihatlari yuqori saviyada bo`lishiga sidqidildan intilar edi. Uning rahbarligida Baynalmilal madaniyat markazining 15, 20 va 25 yilliklari, ko`pmillatli O`zbekistonda yashayotgan barcha millatlarning hayotiga oid yirik tadbir va anjumanlar yuqori saviyada tashkil etildi, ular mamlakatimizda va xorijda katta aks-sado topdi. N.M.Muhammadiyev xorijdagi bir qator xalqaro anjumanlarda ishtirok etib, O`zbekistonning milliy siyosati, xalqimizga xos bo`lgan bag`rikenglik fazilatini keng targ`ib va tashviq qildi.
N.M. Muhammadiyev 20ga yaqin adabiy, ilmiy va ilmiy-ommabop kitoblar, yuzlab maqolalar muallifi, ularning kitob va maqolalari ko`pgina xorijiy tillarda ham e’lon qilingan.
N.M. Muhammadiyev 2012-2017 yillarda RBMMning “Yagona oilada — V semye yedinoy” jurnalining bosh muharriri edi.
N.M. Muhammadiyev quyidagi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan: O`zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig`i (1992 y.); O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi unvoni (2008 y.), “Mehnat shuhrati” ordeni (2017 y.).
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi jamoasi, milliy madaniy markazlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik alokalari jamiyatlari jamoalari O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O`zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va jamoat arbobi Nasriddin Misriddinovich MUHAMMADIYEVning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va uning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.